Yuridik pozitsiya va javobgarlik chegarasi
Loyiha: matn yurist koʼrigidan oʼtmoqda; tasdiqlangan versiya shu sahifada eʼlon qilinadi. Hozircha faqat oʼzbek tilida.
Muhrdor nima va nima emas
Muhrdor — kalit egasining nazoratidagi ERI vositasi: elektron raqamli imzo kaliti apparat xavfsizlik modulida (HSM) yaratiladi, undan chiqmaydi va faqat egasi belgilagan qoidalar boʼyicha imzolaydi. Muhrdor roʼyxatga olish markazi emas: sertifikatni e-imzo.uz markazi beradi, Muhrdor kalit yaratish oqimida markazga faqat ochiq kalitni uzatadi («Elektron raqamli imzo toʼgʼrisida»gi Qonun, 22-modda — arizachi kalitni mustaqil yaratishi mumkin).
Imzoning yuridik kuchi
Muhrdor orqali qoʼyilgan imzo — roʼyxatga olish markazi bergan sertifikatga ega, kalit egasining haqiqiy ERI si. Yuridik shaxs ERI si bilan tasdiqlangan elektron hujjat muhr bilan tasdiqlangan qogʼoz hujjatga teng (Qonun, 4-modda). Muhrdor imzo formatini (PKCS#7/CMS) saytlar kutgan shaklda beradi, shuning uchun my.soliq.uz, didox.uz kabi tizimlar uni oddiy ERI imzosi sifatida qabul qiladi.
Kim imzolaydi, kim javob beradi
- Yuridik shaxs kaliti. Qonun kalitdan foydalanilishi uchun javobgarlikni rahbarga yuklaydi (27-modda) va kalitni ishonchnomada koʼrsatilgan xodim olishini nazarda tutadi (22-modda). Muhrdor rahbarga aynan shu nazoratni beradi: xodimga huquq rahbarning oʼz imzosi bilan beriladi (huquq akti: kimga, qaysi saytda, qaysi hujjat turi, qaysi muddatga), istalgan vaqt bekor qilinadi, har imzo jurnalda. Huquq akti — rahbar masʼuliyatining hujjatli dalili. (yurist aniqlashtiradi)
- Jismoniy shaxs kaliti. Egasi kalitini boshqa shaxsga huquq akti bilan ishlatishga ruxsat bersa, masʼuliyat toʼliq egasida qoladi; Qonunning 3-moddasi («faqat imzolovchi shaxsga maʼlum») va 27-moddasi (boshqa shaxs foydalanganini sezsa markazni xabardor qilish) shu holat uchun aniq javob bermaydi. (yurist aniqlashtiradi)
Muhrdor nima uchun javob beradi
- Kalit HSM dan chiqmasligi va imzo faqat egasi aktlari doirasida qoʼyilishi uchun. Siyosat chetlab oʼtilgan imzo — Muhrdor javobgarligi, chegara: oxirgi 12 oylik toʼlov (yurist aniqlashtiradi).
- Audit jurnalining oʼzgartirilmasligi va tekshirilishi uchun.
Muhrdor nima uchun javob bermaydi
- Huquq akti doirasida qoʼyilgan imzoning mazmuni va oqibatlari — kalit egasi (rahbar).
- Bekor qilingan yoki muddati tugagan sertifikat bilan imzo — egasi kalitni oʼchirishi va Muhrdorni xabardor qilishi shart; Muhrdor bekor qilinganlik roʼyxatini tekshirmaydi (yurist aniqlashtiradi).
- Kalit yoʼqolishi: xususiy kalitning zaxira nusxasi yaratilmaydi — bu xavfsizlikning bahosi. HSM saqlagichi yoʼqolsa egasi yangi kalit oladi; ilgari qoʼyilgan imzolar kuchini saqlaydi.
- Uchinchi tomon saytlari va roʼyxatga olish markazining ishi.
Sertifikatlash va pilot
ERI vositalari sertifikatlashtirilishi kerak (Qonun, 5-modda). Muhrdor hozir yopiq pilot bosqichida va sertifikatlashtirilmagan; tijorat ishga tushirishdan oldin sertifikatlash yoʼl xaritasi bajariladi (yurist aniqlashtiradi). Pilot ishtirokchilari bu holatni pilot shartnomasida ochiq qabul qiladi.
Maʼlumotlar va jurnal
Shaxsga doir maʼlumotlar Oʼzbekistonda saqlanadi (Maxfiylik siyosati). Audit jurnali — imzolarning dalili — faqat qoʼshiladi, oʼchirilmaydi, egasi uni istalgan vaqt tekshiradi va eksport qiladi.
Loyiha sanasi: 2026-09-26 · «MUHRDOR» MCHJ · info@muhrdor.uz